Mubashshir Ahmad ijtimoiy tarmoqlarda o‘ta og‘ir jinoyat sodir etganligi haqidagi xabarlar qanchalik haqiqatga asoslangan?
Mubashshir Ahmad ijtimoiy tarmoqlarda o‘ta og‘ir jinoyat sodir etganligi haqidagi xabarlar qanchalik haqiqatga asoslangan?
“VERUM LAW FIRM” advokatlik firmasi advokatlari tomonidan
O‘zbekiston fuqarosi, hozirda Turkiya davlatida istiqomat qilib kelayotgan, “Azon” loyihalari va “Azon Global”axbort-tahliliy portali asoschisi, Turkiyadagi O‘rta Osiyo xalqlari “Azon” vaqfi Vasiylar kengashi raisi Alisher Tursunov (Mubashshir Ahmad)ning huquqlari va qonuniy manfaatlari himoya qilinadi.
Shu bois, 2025 yil 19 fevral kuni ishonch bildiruvchi shaxsning talabi bilan Internet tarmog‘ining ijtimoiy tarmoqlarida u haqda tarqalayotgan axborotlarning qonuniy asosliligi borasida advokatlik firmasi tomonidan o‘tkazilgan advokatlik surishtiruvi natijalarini ochiq tarmoqlarda e’lon qilish haqidagi ruxsatiga asoslanib, quyidagilarni ma’lum qilamiz.
O‘tkazilgan advokatlik so‘rovnomalari asosida to‘plangan hujjatlarga ko‘ra, A.Tursunov 24.08.2023 yilda O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 244³-moddasi birinchi qismida nazarda tutilgan – “Diniy mazmundagi materiallarni tarqatish maqsadida qonunga xilof ravishda tayyorlash, saqlash, O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirish yoki tarqatish, shunday qilmishlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa” jinoyatini sodir etganlikda sirtdan ayblanuvchi tariqasida jalb qilingan.
Ijtimoiy tarmoqlarda esa go‘yoki A.Tursunov ya’ni - Mubashshir Ahmad «Diniy ekstremistik, separatistik, fundamentalistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilotlar tuzish, ularga rahbarlik qilish, ularda ishtirok etish» (Jinoyat qodeksining 244²-moddasida)da ayblanib, qidiruvga berilgan”ligi haqidagi noto‘g‘ri va biror bir asosga ega bo‘lmagan xabarlar tarqatilmoqda.
Ma’lum qilamizki, JKning 244²-moddasi hamda 244³-moddasi bir biridan mohiyatan, o‘z xususiyati va ijtimoiy xavflilik darajasiga ko‘ra farq qiladi, bu moddalarning obyekti boshqa-boshqa, ya’ni JKning 244³-moddasida nazarda tutilgan jinoyat (JKning 15-moddasiga ko‘ra)ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan jinoyat hisoblansa, ikkinchisi (JKning 244²-moddasi) o‘ta og‘ir jinoyat sifatida baholanadi va aynan shu holat ijtimoiy tarmoqlarda odamlarning haqli savollarini keltirib chiqarmoqda.
Hozirda ixtiyorimizdagi rasmiy hujjatlarning nus'halarida qayd qilinishicha,Shayxontohur tumani IIO FMB Tergov bo‘limi tomonidan Alisher Tursunovga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 244³-moddasi (Diniy mazmundagi materiallarni qonunga xilof ravishda tayyorlash, saqlash, olib kirish yoki tarqatish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Jinoyat ishini qo‘zg‘atilishiga sabab bo‘lgan “diniy mazmundagi materiallar” deb topilgan materiallarni tarqatganligi uchun 02.11.2022 yilda jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tuman sudi tomonidan A.Tursunov MJtKning 184²-moddasi bilan ma’muriy javobgarlikka tortilgan.
E’tiborli jihati shundaki, A.Tursunovni ma’muriy javobgarlikka tortish uchun u tomonidan tarqatilgan materiallarning mohiyatan qonunga xilofligi emas, balki diniy materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish tartibiga rioya qilinmaganligi asos bo‘lgan.
Shundan so‘ng, aynan shu materiallar “Telegramm” ijtimoiy tarmog‘idagi “Mubashir Ahmad” nomli kanalida mavjudligi asos sifatida talqin qilinib, unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
A.Tursunov o‘sha vaqtda O‘zbekiston Respublikasi hududida bo‘lmaganligi uchun unga nisbatan 24.08.2023 yilda JKning 244³-moddasi bilan sirtdan ayb e’lon qilinib, qidiruvga berilgan va ushlangan taqdirda (qayerda ushlanishidan qat’iy nazar) “munosib hulq atvorda bo‘lish xaqidagi tilxat” ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Jinoyat ishi hujjatlariga ko‘ra A.Tursunovga nisbatan sirtdan JKning 244³-moddasi bilan ayb e’lon qilingan bo‘lsada, my.gov.uz portalida A.Tursunovning JKning 244²-moddasi bilan ayblanganligi va qidiruv e’lon qilinganligi haqida noto‘g‘ri ma’lumot joylashtirilgan.
Ushbu holatga aniqlik kiritish maqsadida yuborilgan advokatlik so‘roviga Toshkent shahar IIBB Shayxontohur tumani IIO FMB tomonidan 2024 yilning 4 iyun kuni berilgan yozma javobda Alisher Tursunov aslida 244³ -modda bilan ayblanayotgani, mazkur jinoyat ishi O‘zbekiston Respublikasi JPKning 364-moddasi 1-qismi 2-bandiga asosan harakatdan to‘xtatilgani ma’lum qilingan.
Yuqoridagilardan ko‘rinadiki, fuqaro Alisher Tursunov (Mubashshir Ahmad)ga nisbatan aslida ijtimoiy havfi katta bo‘lmagan jinoyatni sodir etganlik bo‘yicha ish qo‘zg‘atilgan bo‘lsada, ijtimoiy tarmoqlarning axborot kanallarida uning o‘ta og‘ir jinoyatni sodir etganlikda ayblanayotganligi haqida haqiqatga zid bo‘lgan ma’lumotlar tarqatilib, “informatsion spekulyatsiya”ga sharoit yaratilmoqda.
Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 28- moddasida jinoyat sodir etganlikda ayblanayotgan shaxs uning aybi qonunda nazarda tutilgan tartibda oshkora sud muhokamasi yo‘li bilan isbotlanmaguncha va sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi bilan aniqlanmaguncha aybsiz deb hisoblanishi belgilangan. Konstitutsiyaning normalarini har qanday sabablarga ko‘ra ijro qilmaslik qonunbuzilish hisoblanadi.
Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda “Mubashshir Ahmad” nomi ostidagi video va boshqa kontentlardagi axborotlar bilan tanishish “jinoyat” ekanligi haqidagi “chaqiriq”lar qonuniy asoslarga tayanilmagan. Ochiq manbaalarda mavjud bo‘lgan axborotlar, o‘sha axborotlarni olish, saqlash va tarqatish qonunda belgilangan tartibda sud tomonidan cheklanmaguniga qadar, noqonuniy deb topilmaydi.
Bundan tashqari, himoya fikriga ko‘ra, fuqaro A.Tursunovning aynan bir xatti-harakatlari uchun ikki marta (xam ma’muriy, ham jinoiy) javobgarlikka tortilishi asossiz hisoblanib, bu haqida vakolatli organlarga shikoyat arizalari kiritilgan.